2024-08-03

19 yoshli Nikita Svetkov o‘zining debyut Olimpiadasida ishtirok etdi

Velosport bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi a’zosi Nikita Svetkov Parij Olimpiadasi doirasida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi guruh poygasi dasturidagi ishtirokini yakunladi.

Parij shahri atrofidagi 273 km masofaga kechgan poygada jami 90 nafar velosportchi ishtirok etdi. Poygada Belgiya vakili Remko Evenpoel 6:19:34 natija bilan g‘alaba qozondi. Kumush va bronza medallari esa Fransiya vakillari — Valentin Maduas (6:20:45) va Kristofe Lyaportga (6:20:50) nasib etdi.

Bizning yosh sportchimiz Nikita Svetkov ham o‘zining debyut Olimpiadasida ajoyib start oldi va ishonchimizni to’la oqladi, deya olamiz. U poyganing asosiy qismini bosib o‘tdi. Svetkov musobaqani asosan pelotonda o‘tkazdi.

19 yoshli Nikitada musobaqani yakunlash imkoni bor edi, ammo murabbiylar shtabimiz yosh sportchimizning jismoniy holati, uning keyingi musobaqalardagi ishtirokini o‘ylagan holda tavakkal qilmaslikka qaror qildi va Nikitani poygadan yechishni to‘g‘ri deb bildi. Biz albatta birinchi navbatda murabbiylarimizning qarorini oqlaymiz. Nikita hali 19 yoshda va uni kelgusida bir qancha Olimpiadalar kutib turgani shubhasiz!

U bugungi poygada ham eng yosh sportchilardan biri bo’ldi. Nikitaga va murabbiylar shtabimizga bugungi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildiramiz va keyingi musobaqalarda ham omad tilaymiz🙏🏻