2024-05-29

⚡️⚡️⚡️»Tour of Bostonliq Ladies» ko‘p kunlik poygasi o‘z yakuniga yetdi. Yanina Kuskova musobaqa g‘olibi!

Biroz oldin Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Oqtosh shaharchasida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha ayollar o‘rtasida «Tour of Bostonliq Ladies» birinchi ko‘p kunlik xalqaro musobaqa o‘z yakuniga yetdi.

Uch kun davom etgan musobaqaning so‘nggi, uchinchi bosqichida sportchilar 106 km masofaga guruh poygasida ishtirok etdi.

Oqtosh tepaligidan boshlanib, «Green Hills» majmuasida yakunlangan poygada Qozog‘istonning -«Astana Dewi Team» jamoasi a’zolari — Bota Batirbekova hamda Violetta Kazakova mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rinni esa Eronning «AZ Watuba UAE Mix» jamoasi vakilasi Somaye Yazdani egalladi.

Uchinchi bosqich natijalari:

1.Bota Batirbekova («Astana Dewi Team») — 3:16.32
2.Violetta Kazakova («Astana Dewi Team») — 3:16.32
3.Somaye Yazdani («Az Watuba UAE Mix») — 3:16.33

  1. Yanina Kuskova (O‘zbekiston terma jamoasi) — 3:16.38
  2. Akpeyil Ossim («Astana Dewi Team») — 3:16.38.

Eng quvonarlisi, musobaqa yakuniga ko‘ra, umumiy klassifikatsiya bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi Yanina Kuskovaga teng keladigani topilmadi. Hamyurtimiz poyga yakuniga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Umumiy klassifikatsiya:

1.Yanina Kuskova (O‘zbekiston terma jamoasi)
2.Faina Potapova («Astana Dewi Team»)
3.Akpeyil Ossim («Astana Dewi Team»)

  1. Bota Batirbekova («Astana Dewi Team»)
  2. Violetta Kazakova («Astana Dewi Team»).

Shuningdek, Kuskova uch bosqich davomida sariq maykani hech kimga bermaganini alohida ta’kidlash lozim.

Shunday qilib, birinchi bor tashkil etilgan «Tour of Bostonliq Ladies» xalqaro ko‘p kunlik poygasida hamyurtimiz, Parij-2024 litsenzianti Yanina Kuskova g‘alaba qozondi!

Yanina Kuskovani ushbu muhim g‘alaba bilan tabriklagan holda keyingi musobaqalarda ham omad yor bo‘lishini tilaymiz!

Jamoalar va sportchilarga esa musobaqadagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildiramiz!