2024-07-05

Ular Olimpiadaga boradi!

Parij-2024 Olimpiadasi start oldidan O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi matbuot xizmati musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan velosportchilarimizni tanishtirishni boshlaydi. Ilk sportchimiz — Dmitriy Bocharov!

Dmitriy Aleksandrovich Bocharov 2002-yil 6-iyun kuni tavallud topgan. U 2015-yildan buyon velosport bilan professional tarzda shug‘ullanib keladi. Ilk murabbiyi Farrux Rajabov. 2016-yilda qahramonimiz milliy terma jamoa a’zosiga aylangan. Hozirda Volodimir Starchik boshchiligidagi murabbiylar shtabi unga velosport sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. «Sport ustasi» unvoniga ega Dmitriy Bocharov ikki karra Osiyo chempionati sovrindori hisoblanadi. Milliy chempionatning bir necha karra g‘olibi hisoblanmish Bocharov bir qancha xalqaro poygalarda ham zafar quchgan. U joriy yilgi mamlakat birinchiligida g‘alaba qozonish orqali Parij-2024 Olimpiadasi ishtirok etish huquqiga ega chiqdi. Dmitriy to‘rt yillikning eng muhim kompleks musobaqasida guruh poygasida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Sportchimizga ushbu sharafli yo‘lda omad va zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz!