2024-07-06

Ular Olimpiadaga boradi!

Parij-2024 Olimpiadasi start oldidan O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi matbuot xizmati musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan velosportchilarimizni tanishtirishda davom etadi.Navbatdagi sportchimiz — Yanina Kuskova!

Kuskova Yanina Vasilyevna 2001-yil 5-dekabr kuni Toshkent viloyatida tugʻilgan. 2019-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Leysan Xayziyeva. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga terma jamoa bosh murabbiyi Gleb Groysman qoʻl ostida tayyorgarlik koʻrmoqda. Kuskova faoliyati davomida shosse hamda trek yoʻnalishlaridagi Osiyo chempionatlarida 3 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medallariga egalik qilgan. Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida 3 ta kumush medalni qoʻlga kiritgan. Hozirda Italiyada bo’lib turgan sportchimiz ertaga nufuzli «Giro d’Italia» ko’p kunlik poygasida startga chiqadi. Yanina O’zbekiston velosiped sporti federatsiyasi Toshkent viloyati bo’limi a’zosi hisoblanadi.

Yanina Olimpiadada guruh poygasi dasturida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Sportchimizga ushbu sharafli yo‘lda omad va zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz!