Xalqaro Paralimpiya qoʻmitasi 2022-2024-yillarda xalqaro musobaqalarda qayd etilgan yuqori natijalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston para velosport terma jamoasi uchun Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlari litsenziyalarini taqdim etdi.
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan trenerlar kengashi yigʻilishida ushbu litsenziyalar soʻnggi yillarda nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishib kelayotgan Gʻolibbek Mirzayorov hamda Azimbek Abdullayevlarga topshirilishi boʻyicha qaror qabul qilindi.
Qayd etish lozimki, Gʻolibbek Mirzayorov C2 klassida 4 ta yoʻnalishda yurtimiz sharafini himoya qiladi:
Trek – 1000 metrga sprint
Trek – 4000 metrga vaqt poygasi
Shosse – vaqt poygasi
Shosse – guruh poygasi.
Azimbek Abdullayev esa C5 klassida 4 ta yoʻnalishda bahslarda qatnashadi:
Trek – 1000 metrga sprint
Trek – 3000 metrga vaqt poygasi
Shosse – vaqt poygasi
Shosse – guruh poygasi.
Maʼlumot uchun, Xanchjou-2022 Para Osiyo oʻyinlarining Trek poygalarida Gʻolibbek Mirzayorov kumush, Azimbek Abdullayev bronza medalni qoʻlga kiritgan edi.