Mamlakatimiz hududida 2024-yilning ilk mahalliy musobaqasi boshlanish arafasida!

O‘zbekston Respublikasi Sport vazirligining 2024-yil ommaviy sport tadbirlari taqvim rejasiga asosan 2024 yilning 19-22-fevral kunlari Farg‘ona viloyatida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar va qizlar o‘rtasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Aleksey Skvorsov xotirasiga bag‘ishlangan Respublika turniri o‘tkaziladi.

Mazkur musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad, iqtidorli va istiqbolli sportchilarni tayyorlashni yanada takomillashtirish uchun quyi pog‘onadan iqtidorli, yosh sportchilarni saralab olishni ta’minlashdir.

A.Skvorsov 1938-yil 5-martda Namangan viloyatining Uychi tumanida tug‘ilgan. U 14 yoshidan boshlab velosport bilan shug‘ullangan.

1960-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikumini va 1964-yilda Andijon davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatiga nazar tashlaydigan bo’lsak, 1964-1970-yillarda Andijon shahar BO‘SMda velosport bo‘yicha murabbiy, 1970-yilda Farg‘ona viloyat BO‘SMda, 1978-1982-yillarda “Paxtakor” qishloq sport jamiyatida velosport bo‘yicha bosh murabbiy, 1982-1987-yillarda jamiyat raisi o‘rinbosari, 1987-2006-yillarda esa Kasaba uyushmalari jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

A.Skvorsov rahbarligida velosport bo‘yicha sport ustalari: Sergey Lagutin, Anatoliy Genrix, Gennadiy Djurayev, Tohir Mo‘minov, Anvar Yuldashev, Viktor Pronin yetishib chiqqan.

A.Skvorsov o‘zining kamtarligi, bilimdonligi, tashkilotchiligi, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi bilan viloyat sport tashkilotlari rahbarlari hamda sport faollari ichida katta hurmat qozongan.

Язык »