2024-03-16

Milliy terma jamoamiz a’zolari Jahon kubogining medison dasturida O’zbekiston velosporti tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi!

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Hong-Kongda velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha UCI Millatlar kubogi (Jahon kubogi) bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun, musobaqaning ikkinchi kuni doirasida ayollar terma jamoamiz a’zolari medison yo‘nalishida bahslarga kirishdi.

Quvonarlisi, dunyoning eng kuchli velosportchilari qatorida «Elita» toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etayotgan sportchilarimiz velotrekning Olimpiya dasturidagi eng qiyin dasturi bo‘lmish medisonda O’zbekiston tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi.

Poygada Olga Zabelinskaya hamda Nafosat Koziyeva juftligi Daniya, Hong-Kong, Meksika, Yaponiya va Xitoy kabi terma jamoalarni ortda qoldirib, sakkizinchi natijani qayd etdi.

Bu natija orqali Jahon kubogining ikki bosqichi yakuniga ko‘ra, terma jamoamiz medison dasturida 1488 ochkoga ega bo‘lib turgan holda 22 ta mamlakat orasida yettinchi o‘rinni egallab turibdi.

Bugungi poygada shuningdek, Margarita Misyurina va Sofiya Karimovadan iborat juftligimiz ham start oldi. Afsuski, vakilalarimiz poygani yakuniga yetkaza olmadi.

Sportchilarimiz ertaga omnium dasturida chiqish qiladi.