2024-04-06

Nafosat Koziyeva hamda Margarita Misyurina «Life’s an Omnium Madison» xalqaro turniri chempioni!

Bugun Shveysariyaning Grenxen shahrida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha «Life’s an Omnium Madison» xalqaro turnirining kattalar o’rtasidagi bellashuvlari o’tkazildi.

Musobaqada ayollar o‘rtasida ochko yig‘ish va skretch poygalari ham tashkil etildi.

80 ta aylana (20 km) va 8 ta sprintga kechgan ochko yig’ish poygasi, shuningdek, 40 aylanadan (10 km) iborat skretch dasturida ham «Tashkent City Track Team» jamoasi a’zolari ham munosib ishtirok etdi.

Quvonarlisi, dunyoning eng kuchli velotrekchilari yig‘ilgan poygalarning har ikkisida hamyurtlarimiz Nafosat Koziyeva hamda Margarita Misyurinaning qo’li baland kelib, chempionga aylandi.

«Life’s an Omnium Madison», ochko yig‘ish poygasi.

🥇Nafosat Koziyeva (40 ochko)
🥈 Martina Alzini (Italiya, 33 ochko)
🥉Valentina Zanzi (Italiya, 30 ochko)

  1. Margarita Misyurina (29 ochko).

«Life’s an Omnium Madison», skretch.

🥇Margarita Misyurina
🥈Alina Zeyts (Shveysariya)
🥉Ori Dubinski Bash (Isroil).

Shu tariqa, «Tashkent City Track Team» jamoasi turnirni 2 ta oltin medal bilan yakunladi.

Sportchilarimizni Parij-2024 Olimpiadasi litsenziyalari uchun muhim reyting ochkolari o‘ynaladigan Jahon kubogi oldidan qo‘lga kiritgan juda muhim g‘alabalari bilan tabriklaymiz va Jahon kubogining so‘nggi bosqichida ham ana shunday zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!

Язык »