Faxriy velosport ustasi Mixail Ivanovich Kolyushev 81 yoshida olamdan o‘tdi.
Kolyushev Mixail Ivanovich 1943-yil 28-aprel kuni Tojikistonning Dushenbe shahrida tug‘ilgan. U umrining aksariyat qismini o‘zbek velosportining rivojiga bag‘ishladi. Jumladan, Toshkentdagi «Dinamo» sport jamiyatida dastlab murabbiy, keyinchalik esa direktor lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Sportchilik faoliyati davomida Mixail Ivanovich SSSR terma jamoasi tarkibida San-Sebastyan-1965 hamda Amsterdam-1967 Jahon chempionatlarida g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, 1966-yilda Frankfurtda o‘tkazilgan dunyo birinchiligida bronza medalini qo‘lga kiritgan. U Olimpiya o‘yinlarining ishtirokchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi Mixail Kolyushevning yaqinlariga chuqur hamdardlik va ta’ziya izhor qiladi.