Xabar berganimizdek, Birlashgan Arab Amirliklarida veloshosse bo‘yicha «UCI Women’s Tour» turniri davom etmoqda.
Bugun musobaqaning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Unda sportchilar «Al Mirfa Bab Al Najum» majmuasidan «Madinat Zayed»ga qadar bo‘lgan 113 km masofani bosib o‘tdi.
Ahamiyatlisi, bugungi bahslarda ishtirok etgan «Tashkent City» klubi a’zosi Yanina Kuskova ikkinchi bosqichda ham «Eng yaxshi yosh poygachi» unvonini o‘zida saqlab qoldi.
Hamyurtimiz kechagi bosqichda ham tashkilotchilar tomonidan «Eng yaxshi yosh poygachi» va «Eng faol poygachi» nominatsiyalarida g‘olib deb topilgan edi.
Birozdan so‘ng sportchilarimizning ikkinchi bosqich doirasida natijalari haqida xabar beramiz.
Shu o‘rinda, ushbu nufuzli reyting turnirlarida ilk bor ishtirok etayotgan «Tashkent City» klubini yosh sportchilar bilan yuqori natijalar qayd etayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Yanina Kuskova hamda uning yaqinlarini va siz aziz muxlislarni esa ushbu natijalar bilan yana bir bor tabriklaymiz!